O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida OIV-infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik nazorat tizimini baholash, 2025-yil

Authors

  • Shoakbar Anvarov Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi
  • Botir Kurbanov Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi
  • Rafael Ibragimov Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi
  • D. Nabirova Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC, AQSH) huzuridagi Dala epidemiologiyasi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash dasturi (FETP Advanced)
  • S. Gazezova Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC, AQSH) huzuridagi Dala epidemiologiyasi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash dasturi (FETP Advanced)

Abstract

Kirish. OIV-infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik nazorat, jamoat salomatligini saqlash tizimining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, epidemik jarayonni nazorat qilish va boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun xizmat qiladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra,
2024-yil oxiriga kelib dunyoda OIV bilan yashovchilar (OIVY) soni 40,8 million kishini tashkil etdi; har yili taxminan 1,3 million yangi yuqtirish holati qayd etiladi. O‘zbekiston Respublikasida 52 739 OIVY ro‘yxatga olingan bo‘lib, milliy yuk salmog‘ining 34 foizi Toshkent shahri va Toshkent viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Nazorat tizimini baholash, tashkiliy kamchiliklarni aniqlash va “95-95-95” global strategiyasi ko‘rsatkichlariga erishishni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur.

Maqsad. CDC metodologiyasidan foydalangan holda 2025-yil davomida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida OIV-infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik nazorat tizimini baholash.

Materiallar va usullar. Jamoat salomatligini saqlashda epidemiologik nazorat tizimlarini baholash bo‘yicha CDC qo‘llanmasidan foydalangan holda tavsiflovchi baholash o‘tkazildi.

Ma’lumot manbalari: 2025-yil uchun OIV bo‘yicha elektron nazorat tizimi (HIV ES), DMED axborot tizimi, O‘zbekiston Respublikasining me’yoriy hujjatlari (SSVning 19.05.2023-yildagi 111-sonli buyrug‘i), shuningdek 27 ta muassasadan tasodifiy tanlov usulida ajratilgan 4 ta birlamchi tibbiyot muassasasidagi 40 nafar birlamchi bo‘g‘in tibbiyot xodimi orasida o‘tkazilgan tuzilmali so‘rovnoma. Tizimning quyidagi atributlari baholandi: foydali, sodda, ma‘lumotlar sifati va to‘liqligi, qabul qilinuvchan, o‘z vaqtida, vakillik, barqaror va moslashuvchan.

Natijalar. 2026-yil 1-yanvar holatiga ikkala hududda jami 17 954 nafar OIVY hisobda turgan (Toshkent sh. - 10 238; Toshkent viloyati - 7 716). 2025-yilda 965 ta yangi OIV-infeksiyasi holati aniqlangan (2024-yilga nisbatan 8,8 foizga kamaygan), ularning 62,5 foizi erkaklar. Jinsiy yo‘l orqali yuqish ustunlik qildi (Toshkent shahrida 73%, Toshkent viloyatida 83%). HIV ES tizimidagi asosiy maydonlarning to‘liqligi ikkala hududda ham taxminan 99,4 foizni tashkil etdi. Namunalarni yo‘naltirish va laboratoriya natijalarini berish barcha holatlarning 100 foizida belgilangan muddatlarda amalga oshirilgan; dispanser hisobiga qo‘yish - 97 foizda, rovirusga qarshi davolashni (RVQT) boshlash - 98 foizda, mos ravishda 15 va 47 kungacha bo‘lgan maksimal kechikishlar bilan amalga oshirilgan. So‘rovnomada ishtirok etgan barcha 40 nafar tibbiyot xodimlari SSVning 111-sonli buyrug‘i bilan tanish bo‘lib, 97,5 foizining bilim va ko‘nikmalari yaxshi deb baholandi. O‘z vaqtidalik va vakillik o‘rtacha/qoniqarli, ma’lumotlar sifati esa avtomatik mantiqiy tekshiruv mexanizmi yo‘qligi sababli cheklangan deb baholandi.

Xulosa. OIV-infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik nazorat tizimi barqaror ishlamoqda hamda yuqori foydalilik, ma’lumotlar to‘liqligi va ijrochilar tomonidan yuqori qabul qilinuvchanlikka ega. Asosiy cheklovlar bemorlarni dispanser kuzatuviga jalb qilish va viloyat darajasida RVQT boshlashning kechikishi, shuningdek ma’lumotlar sifatini avtomatik nazorat qilish mexanizmi yo‘qligi bilan bog‘liq. Takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari - HIV ES tizimiga avtomatik mantiqiy validatsiyani joriy etish, o‘z vaqtidalik nazoratini kuchaytirish va tibbiy xodimlarga metodik yordamni yaxshilashdan iborat.

Published

2026-09-30

How to Cite

Anvarov, S., Kurbanov, B., Ibragimov, R., Nabirova, D., & Gazezova, S. (2026). O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida OIV-infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik nazorat tizimini baholash, 2025-yil. Ўзбекистон Республикаси Санитария-эпидемиология ва жамоат саломатлиги хизмати журнали , 2(2-3). Retrieved from https://jurnal.sanepidrc.uz/index.php/sanepid/article/view/183